Beeline Uzbekistan texnologiya va innovatsiyalar blokini strategik jihatdan kuchaytirmoqda: Turkcell’ning sobiq CTO‘si Gediz Sezgin texnologiya va innovatsiyalar bo‘yicha direktor etib tayinlandi
7 Aprel
Xabarlar
Toshkent, 2025-yil 7-aprel. VEON xalqaro telekommunikatsiya guruhi tarkibiga kiruvchi Beeline Uzbekistan kompaniyasi yagona texnologiya va innovatsiyalar departamenti tashkil etilganini e’lon qildi. Yangi bo‘linma IT yo‘nalishi, texnik infratuzilma, kiberxavfsizlik va strategik raqamli yechimlarni ishlab chiqishni o‘z ichiga oladi. Unga 2025-yil aprel oyidan boshlab texnologiyalar va innovatsiyalar bo‘yicha direktor (CTIO) lavozimini egallagan Gediz Sezgin rahbarlik qiladi.
Gediz Sezginning tayinlanishi kompaniyaning raqamli o‘zgarishlarni tezlashtirish, infratuzilma barqarorligini oshirish hamda mijozlar, hamkorlar va soha manfaatlari yo‘lida ilg‘or yechimlarni joriy etish bo‘yicha strategik yo‘nalishini aks ettiradi.
Gediz Sezgin — telekommunikatsiya sohasida 28 yildan ortiq tajribaga ega tan olingan xalqaro mutaxassis. U 2015-yildan 2023-yilgacha Turkiyaning eng yirik mobil operatori Turkcell’da texnik direktor (CTO) lavozimida ishlagan, u yerda tarmoqlar, IT-tizimlar va raqamli platformalarning keng ko‘lamli o‘zgarishlariga muvaffaqiyatli rahbarlik qilgan. Shuningdek, u simli infratuzilma va keng polosali internetni rivojlantirish uchun mas’ul bo‘lgan Turkcell Superonline direktorlar kengashi a’zosi bo‘lgan.
U CRM, billing, ma’lumotlarni saqlash, ovozli va raqamli xizmatlar sohalarida yechimlarni joriy etish kabi bir qator kasbiy yutuqlarga ega. Uning rahbarligida asosiy texnologik tashabbuslar amalga oshirildi: FTTH (Fiber to the Home) tarmog‘ini qurish, infratuzilmani 4.5G (LTE) ishga tushirishga tayyorlash, signal uzilishlarisiz uzluksiz qamrovni ta’minlash uchun tarmoqlarni integratsiyalashning innovatsion usullarini ishlab chiqish va eng yirik ma’lumotlar markazlarini barpo etish.
Sezgin Istanbul texnika universitetini tamomlab, kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) darajasiga ega bo‘ldi. 2018-yilda u "Yilning eng yaxshi texnik direktori" unvoniga sazovor bo‘ldi va "Kuzatish lozim bo‘lgan 50 ta innovator" ro‘yxatiga kiritildi.
"Gediz Sezgin noyob strategik nazar, chuqur texnik bilim va eng murakkab loyihalarni amalga oshirish tajribasiga ega. Uning jamoamizga qo‘shilishi sezilarli darajada kuchayishimizga olib keladi, bu esa bizga raqamli rivojlanishni tezlashtirish va ishonch bilan oldinga intilish imkonini beradi," — dedi Beeline Uzbekistan bosh direktori Andrey Pyataxin.
Yangi lavozimda Sezgin tarmoq va IT infratuzilmasini rivojlantirish, innovatsiyalarni joriy etish, kiberxavfsizlikni ta’minlash, shuningdek, VEON guruhining global ustuvorliklariga muvofiq kompaniyaning texnologik strategiyasini amalga oshirish uchun mas’ul bo‘ladi.