Umumiy shartlar:
• Yangi ulanganda oylik abonent to‘lovining yechilishi va tarif bo‘yicha trafik taqdim etilishi ulanish yoki tarifga o‘tish vaqtda amalga oshiriladi. Navbatdagi oylik abonent to‘lovi yechilishi va tarif bo‘yicha trafik taqdim etilishi 1 oylik vaqt oralig‘ida (oyning birinchi sanasiga bog‘liq bo’lmagan holda) amalga oshiriladi. Agar oylik abonent toʻlovi oyning oxirgi kalendar kunida yechib olingan boʻlsa va bu sana keyingi kalendar oyida yo‘q bo‘lsa, kunlar sonidan qatʼiy nazar, keyingi abonent toʻlovini yechib olish sanasi kalendar oyining oxirgi kuniga belgilanadi. Keyingi oylik abonent to‘lovi yechilishining barcha kunlari kalendar oyining xuddi shu sanasida amalga oshiriladi.
Misollar:
Agar avvalgi to‘lov 15-avgust kuni soat 15:43 da yechib olingan bo‘lsa, keyingisi 15-sentabr kuni soat 15:43 da yechib olinadi (15-sana har ikki oyda ham mavjud bo‘lgani uchun sana va vaqt to‘liq saqlanadi);
Agar avvalgi to‘lov 31-avgust kuni soat 15:43 da yechib olingan bo‘lsa, keyingisi 30-sentabr kuni soat 15:43 da yechib olinadi (sentabrda 31-sana bo‘lmagani uchun sana oyning oxirgi kuniga o‘tkaziladi, bunda 15:43 vaqti saqlanib qoladi).
• Agar shaxsiy elektron hisob (balans) qarz yoki nol holatida bo‘lsa, abonent raqami faqat kiruvchi SMS va qo‘ng‘iroqlarni qabul qilish, shuningdek kompaniyaning aloqa markaziga va favqulodda vaziyatlar raqamlariga chiquvchi qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirish imkoniyati bilan nofaol holatga o‘tadi.
• Tizim tariflar bo‘yicha oylik abonent to‘lovini navbatdagi yechib olishda oylik abonent to‘lovini yechib olish uchun to‘liq miqdor mavjudligini tekshiradi. Agar u mavjud bo‘lsa, oylik abonent to‘lovi yechib olinadi va bir oylik trafik paketi taqdim etiladi. Abonent balansida yetarli mablag‘ bo‘lmasa, oylik abonent to‘lovi qarzga yechib olinmaydi va shunga ko‘ra, oylik trafiklar paketi ham berilmaydi. Bunday holda, aloqa xizmatlaridan keyingi foydalanish uchun to‘lov tarif shartlariga ko‘ra standart narxlar asosida amalga oshiriladi. Balansda yechib olish uchun yetarli miqdor paydo bo‘lishi bilan oylik abonent to‘lovi darhol yechib olinadi va bir oylik trafiklar paketi taqdim etiladi. Keyingi oylik abonent to‘lovini yechib olish sanasi oxirgi yechib olingan vaqtdan boshlab 1 oyga suriladi.
Ushbu tarif rejasida bir kunlik abonent to‘lovini yechib olish evaziga bir kunlik trafik paketini taqdim etish imkoniyati mavjud emas.
Ma’muriy bloklash:
• Raqam ma’muriy blokirovka qilinganda, “Abonentning xohishiga ko‘ra raqamni blokirovka qilish” xizmati uchun har kuni 421 so‘m miqdorida kunlik abonent to‘lovi yechib olinadi. Bunda tarif bo‘yicha abonent to‘lovi yechilmaydi. Blokdan chiqarilgandan so‘ng oylik abonent to‘lovi faqat yechib olish sanasi kelgandagina yechiladi. Raqam blokdan chiqarilgach, agar yechib olish sanasi kelgan va Abonent balansida yetarli mablag‘ bo‘lsa, tarif rejasining oylik abonent to‘lovi yechiladi va kiritilgan trafik paketi taqdim etiladi. Shu bilan birga, raqam bloklangunga qadar mavjud bo‘lgan trafik kuyadi. Keyingi oylik abonent to‘lovining yechib olish sanasi oxirgi marta yechilgan kundan boshlab 1 oyga suriladi. Oylik abonent to‘lovini yechib olish uchun mablag‘ yetarli bo‘lmaganda, aloqa xizmatlaridan keyingi foydalanish tarif shartlariga ko‘ra standart tariflar asosida amalga oshiriladi. Agar Abonent balansida tarif bo‘yicha kiritilgan trafik qoldig‘i mavjud bo‘lib, lekin oylik abonent to‘lovini yechib olish uchun mablag‘ yetarli bo‘lmasa, raqam blokdan chiqarilgandan so‘ng yechib olish amalga oshirilmaydi, qolgan trafikning amal qilish muddati o‘zgarmaydi va u taqdim etilgan kundan boshlab 1 oy o‘tgach kuyadi.




