Tarmoq ishonchliligi uchun zaxira Maʼlumotlarni Qayta Ishlash Markazi: Beeline Uzbekistan’ning Buxorodagi loyihasi xalqaro sertifikatga ega boʻldi
Xabarlar
Beeline Uzbekistan – Uptime Institute reyestriga koʻra, Data Center loyihasi Tier III sertifikatini olgan Oʻzbekistondagi birinchi xususiy kompaniyadir.
Beeline Uzbekistan tarmoqni yanada chidamli, abonentlar uchun aloqa va raqamli xizmatlar ishlashini esa yanada barqaror qilish maqsadida Buxoroda zaxira Maʼlumotlarni Qayta Ishlash Markazini (Data Center) barpo etmoqda. Markaz loyihasi Uptime Institute xalqaro tashkiloti tomonidan tekshiruvdan oʻtkazildi va unga Tier III Certification of Design Documents (TCDD) sertifikati taqdim etildi. Bu esa loyihaning ishonchlilik boʻyicha xalqaro talablarga javob berishini tasdiqlaydi.

Mobil aloqa endi faqat qoʻngʻiroqlardan iborat emas. Operator tarmogʻi orqali onlayn toʻlovlar, video qoʻngʻiroqlar va odamlar hamda biznesning kundalik hayoti va ishi bogʻliq boʻlgan oʻnlab xizmatlar oʻtadi. Bularning barchasi Data Center’lardagi serverlarda ishlaydi. Buxorodagi markaz Beeline Uzbekistan tarmogʻining eng muhim tizimlari uchun zaxira maydon boʻladi: u qoʻshimcha mustahkamlik zaxirasini yaratadi va abonentlar uchun xizmatlar chidamliligini oshirishga yordam beradi.
«Har kuni millionlab odamlar qoʻngʻiroq qiladi, internet va raqamli xizmatlardan foydalanadi, bularning barchasi ortida toʻxtovsiz ishlashi lozim boʻlgan infratuzilma turadi. Buxorodagi markazni biz tarmoqning eng muhim tizimlari ishonchli zaxiraga ega boʻlishi uchun barpo etyapmiz. Loyihamizni mustaqil xalqaro mutaxassislar baholashi biz uchun muhim edi. Mamlakatda ishonchli raqamli infratuzilma qancha koʻp boʻlsa, odamlar, biznes va davlat unga shunchalik ishonch bilan tayana oladi», – dedi Beeline Uzbekistan texnologiyalar va innovatsiyalar boʻyicha direktori Gediz Sezgin.

Tier III darajasining asosiy talabi shuki, elektr taʼminoti va sovutish tizimlarining istalgan qismiga serverlarni oʻchirmasdan xizmat koʻrsatish yoki taʼmirlash mumkin boʻlishi kerak. Shu sababli bunday markazda rejali ishlarni uskunani toʻxtatmasdan bajarish mumkin.
Markazda jami 52 ta stoykaga moʻljallangan ikkita server zali bor, hozir obyektda ishga tushirish-sozlash ishlari olib borilmoqda. Uptime Institute tekshiruvi uch bosqichda oʻtadi: loyiha, qurilgan obyekt va ekspluatatsiya. Buxoro markazining loyihasi birinchi bosqichdan muvaffaqiyatli oʻtdi.
Markaz hamkorlar va boshqa kompaniyalar infratuzilmasini joylashtirish uchun ham ochiq. Beeline Uzbekistan markaz quvvatlaridan server uskunalari va yuqori darajadagi nosozlikka bardoshlilik talab etiladigan IT-infratuzilmani joylashtirish uchun foydalanishni taklif qiladi.
Data Center’da infratuzilmani joylashtirish masalalari boʻyicha cloud@beeline.uz manziliga murojaat qilish mumkin.
Buxorodagi markaz – Beeline Uzbekistan’ning tarmoq infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha tizimli ishining bir qismi. Kompaniya butun Oʻzbekiston boʻylab abonentlar va biznes raqamli xizmatlardan har kuni ishonch bilan foydalana olishi uchun aloqa ishonchliligiga izchil sarmoya kiritib kelmoqda.