Refarmingdan jahon chempionatigacha: Beeline Uzbekistan tarmog'ining 2026-yildagi eng jonli mavsumi yakunlari

Xabarlar
9 Iyul
4 min.
Main Event Image

So'nggi bir yarim yil ichida Beeline Uzbekistan tarmog'idagi ma'lumotlar uzatish hajmi uchdan bir qismdan ortiq o'sdi. Toshkent va Samarqandda LTE 2100 chastotalarini refarming qilish yakunlandi, 2026-yilgi futbol bo'yicha jahon chempionatida O'zbekiston terma jamoasi o'yinlarining translyatsiyalari esa tarmoq kunning turli vaqtlarida yuklama keskin oshib ketishiga qanday bardosh berishini ko'rsatdi.

2025-yil yanvaridan 2026-yil may oyigacha bo'lgan davrda Beeline Uzbekistan tarmog'ida ma'lumotlar uzatish hajmi uchdan bir qismdan ortiq o'sib, oyiga 98,1 PB dan 136 PB gacha yetdi. Bu hajm taxminan 30 million kishining bir vaqtning o'zida bir yarim soat davomida HD sifatida futbol o'yinini tomosha qilishi uchun yetarli.

Umumiy trafikning yarmidan ko'pi – 55,6% – mamlakatning beshta hududiga to'g'ri keladi: Toshkent, Farg'ona, Andijon, Qashqadaryo va Qo'qon. 2026-yil may oyida kompaniya faoliyat yuritayotgan barcha o'n uchta hududda o'tgan yilning shu davriga nisbatan trafik o'sishi qayd etildi. Shu bilan birga, tarmoq sig‘imining o‘sish sur’ati yuklama o‘sish sur’atidan yuqori: qamrov zonalarining ortiqcha yuklangan qismi bir yil ichida 7% punktga qisqardi, yuklama esa bir yil avvalgiga nisbatan ancha bir tekis taqsimlanmoqda.

Tarmoqni modernizatsiya qilish doirasida Beeline Uzbekistan mamlakatning ikkita yirik shahrida LTE 2100 chastota resursini refarming qilishni yakunladi. Toshkentda texnologiya 588 ta baza stansiyasida ishga tushirildi: shaharda ma'lumotlar trafigi 12,2% ga, o'rtacha yuklab olish tezligi (DL Throughput) esa 49,5% ga oshdi. Samarqandda LTE 2100 87 ta baza stansiyasida joriy etildi: trafik 2,3% ga, o'rtacha yuklab olish tezligi esa 52,6% ga o'sdi.

Kompaniyaning 2026-yilga mo'ljallangan rejalarida Qo'qon, Farg'ona, Andijon va Namanganda LTE 2100 refarmingini davom ettirish nazarda tutilgan.

«So'nggi bir yarim yil bizning tarmog'imiz uchun eng jadal rivojlanish davrlaridan biri bo'ldi. Biz LTE 2100 refarmingi hisobiga uning quvvatini izchil oshirib, imkoniyatlarini kengaytirib bordik. Futbol jahon chempionati bu ishning samaradorligini yaqqol tasdiqladi: millionlab foydalanuvchilar kunning turli vaqtlarida o'yin translyatsiyalarini bir vaqtning o'zida tomosha qilishdi, tarmoq esa eng yuqori yuklarga barqaror bardosh berdi. Bu yana bir bor infratuzilmani rivojlantirish shunchaki uskunalarni yangilash emas, balki mijoz qayerda bo'lishidan va sutkaning qaysi vaqtida mobil internetdan foydalanishidan qat'i nazar, raqamli xizmatlar va qulay foydalanuvchi tajribasi uchun ishonchli asos yaratish ekanligini tasdiqlaydi», – dedi Beeline Uzbekistan texnologiyalar va innovatsiyalar bo'yicha direktori Gediz Sezgin.

2026-yilgi jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi ishtirokidagi o‘yinlar tarmoq uchun o‘ziga xos davr bo‘ldi — uchrashuvlar sutkaning turli vaqtlarida bo‘lib o‘tdi. Kolumbiya terma jamoasiga qarshi ertalabki o'yin paytida (18-iyun, Toshkent vaqti bilan soat 7:00) ma'lumotlar uzatish oylik o'rtacha ko'rsatkichga nisbatan 45% ga oshdi: foydalanuvchilar translyatsiyani yo'lda, kafelarda va ish joyida, asosan mobil internet orqali tomosha qilishdi. Portugaliya terma jamoasiga qarshi kechki o'yin (23-iyun, soat 22:00) nisbatan mo'tadilroq – 14 foizlik o'sish berdi: bu vaqtda auditoriyaning katta qismi translyatsiyani Wi-Fi orqali tomosha qildi, shu sababli mobil tarmoqqa yuklama yanada bir tekis taqsimlandi.

Kongo terma jamoasiga qarshi o'yin (28-iyun, soat 4:30) tarmoq uchun eng yuqori ko'rsatkichli sinov bo'ldi. Translyatsiya soatlarida – ertalab soat 4:00 dan 6:00 gacha – ma'lumotlar uzatish iyun oyidagi o'rtacha ko'rsatkichga nisbatan deyarli 78% ga oshib, 225 TB dan 400,3 TB gacha yetdi. Bu barcha uchta o'yin orasida eng yuqori nisbiy o'sish bo'lib, yuklama tarmoq odatda minimal rejimda ishlaydigan soatlarda yuzaga keldi. Shu bilan birga, uchala o'yin davomida tarmoq odatdagi rejimda ishladi.

Jahon chempionati davomida hambi superilovasi milliy terma jamoani qo'llab-quvvatlash uchun raqamli maydonchaga aylanib, foydalanuvchilarni «hammamiz birga» g'oyasi atrofida birlashtirdi. Ilovada maxsus futbol faolliklari ishga tushirildi: o'yinlar natijasini bashorat qilish imkonini beruvchi «Hisobni top» o'yini, Laym maskoti ishtirokidagi Lime Time Football arkada o'yini, shuningdek, «Mavsum sovg'alari» yutuqli o'yini. Topshiriqlarni bajargan foydalanuvchilar yutuqli o'yinda ishtirok etish huquqiga ega bo'lishdi. Bundan tashqari, ular ball to'plab, eng yaxshi ishtirokchilarni kafolatlangan mukofotlar kutib turadigan reyting jadvaliga kirishlari mumkin edi. O'zbekiston – Portugaliya o'yini kuni hambi bir vaqtning o'zida 272 mingdan ortiq tomoshabinni jamladi.

KINOM ham O'zbekiston terma jamoasi o'yinlari translyatsiyalarini tomosha qilish uchun asosiy maydonchalardan biriga aylandi. Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko'rish maqsadida platforma infratuzilmani keng ko'lamli yangilashdan o'tkazdi: umumiy o'tkazuvchanlik qobiliyati 600 dan 800 Gbit/s gacha oshirilib, bu bir vaqtning o'zida 240 mingdan ortiq tomoshabinga barqaror xizmat ko'rsatish imkonini berdi. Iyun oyi natijalariga ko'ra, KINOM’ning oylik auditoriyasi 1,1 million foydalanuvchiga yetdi, umumiy tomosha vaqti esa 1,3 million soatdan oshdi. Portugaliya bilan o'yin kuni (23-iyun) platforma 184 mingdan ortiq foydalanuvchini jamladi – bu iyun boshidagi o'rtacha kunlik ko'rsatkichdan taxminan to'rt barobar ko'p. O'zbekiston terma jamoasi o'yinlarining KINOM asosidagi translyatsiyalari hambi va OQ ilovalarida ham mavjud edi – shu tariqa uchala xizmatning ushbu kundagi umumiy auditoriyasi 570 mingdan oshdi.

Beeline Uzbekistan mamlakatning barcha hududlarida mijozlar uchun kunning istalgan vaqtida raqamli xizmatlarning barqaror ishlashi va aloqa sifatining yuqori bo'lishini ta'minlash maqsadida tarmoqni rivojlantirishda davom etmoqda.