Beelab Security Operations Center Kiberxavfsizlik markazi bilan tajriba almashdi

Xabarlar
7 Avgust
2 min.
Main Event Image

Kiberxavfsizlik markazi mutaxassislari Security Operations Center'ga tashrif buyurishdi — bu markaz axborot xavfsizligi hodisalarini 24/7 rejimida kuzatib boradi va potensial kiber tahdidlarga tezkor javob beradi. Tashrif davomida tomonlar amaliy tajriba almashishdi hamda raqamli infratuzilmani himoya qilishning zamonaviy yondashuvlarini muhokama qilishdi.

Security Operations Center 2025-yilda Beeline Uzbekistan (VEON Ltd.) kompaniyasining texnologiya markazida ishga tushirilgan boʻlib, bugungi kunda Beelab kiberhimoya tizimining asosiy elementlaridan biri hisoblanadi. SOC 24/7 rejimida axborot xavfsizligi hodisalarini kuzatib boradi, potensial tahdidlarni aniqlaydi va kompaniyaning raqamli xizmatlari uzluksiz ishlashini taʼminlashga yordam beradi.

Uchrashuv davomida Beelab mutaxassislari monitoring va hodisalarga javob berishni tashkil etish boʻyicha yondashuvlarini taqdim etishdi, qoʻllanilayotgan jarayonlar hamda vositalar haqida batafsil maʼlumot berishdi, shuningdek doimiy oʻzgarib borayotgan kiber tahdidlar sharoitida xizmatlar barqarorligini taʼminlash borasidagi amaliy tajribasi bilan oʻrtoqlashishdi.

Ishtirokchilar bugungi kunda telekom va fintex kompaniyalari duch kelayotgan muammolarga alohida eʼtibor qaratishdi. Ekspertlar soha rivojlanishining asosiy tendensiyalarini hamda Oʻzbekiston kiberxavfsizlik strategiyasini amalga oshirishda davlat va biznes hamkorligining rolini muhokama qilishdi.

«Bugungi kunda kiberxavfsizlik nafaqat texnologiyalarga, balki bilim almashinuvining uzluksizligiga ham asoslanadi. Bunday uchrashuvlar yondashuvlarni solishtirish, real keyslarni muhokama qilish va raqamli infratuzilma barqarorligini birgalikda oshirish imkonini beradi. Biz uchun oʻz tajribamizni oʻrtoqlashish va shu bilan birga sohadagi eng yaxshi amaliyotlarni oʻzlashtirish muhim», — dedi Akrom Ahmedov, Beelab Axborot xavfsizligi boʻlimi boshligʻi.

Beelab va Kiberxavfsizlik markazi ekspertlari oʻrtasidagi bunday amaliy tajriba almashinuvi fintex sektorida kiberxavfsizlikning yagona yuqori standartlarini shakllantirishga hamda Oʻzbekiston raqamli muhitining umumiy kiberbarqarorligini oshirishga xizmat qiladi.

***

Beelab — 2018-yil 19-fevralda tashkil etilgan o‘zbek fintech kompaniyasi bo‘lib, Beeline Uzbekistan (VEON Ltd.) telekommunikatsiya operatorining sho‘ba korxonasi hisoblanadi. Kompaniya raqamli moliyaviy mahsulotlarni ishlab chiqish va ularga texnik qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi, jumladan, O‘zbekiston bozoridagi TOP-5 to‘lov ilovasi qatoriga kiruvchi Beepul xizmati uchun texnik qo‘llab-quvvatlashni ta’minlaydi hamda banklar va moliya tashkilotlari bilan faol hamkorlik qiladi.