Bosh sahifa/Xabarlar/Yevroosiyo raqamli yo'llarining chorrahasida: M360 Eurasia ilk bor Samarqandda

Yevroosiyo raqamli yo'llarining chorrahasida: M360 Eurasia ilk bor Samarqandda

Xabarlar
6 May
3 min.
Main Event Image

M360 Eurasia 2026 2026-yil 20-21-may kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tadi va butun Yevroosiyo bo‘ylab soha yetakchilari, siyosatchilar va texnologik innovatorlarni birlashtiradi. Ro‘yxatdan o‘tish boshlandi.

GSMA M360 Eurasia 2026 O'zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi, Beeline Uzbekistan va VEON Group ko'magida o'tkaziladi. Forum yetakchi xalqaro va mintaqaviy telekom operatorlari, texnologiya kompaniyalari, davlat tuzilmalari, aloqa va bulut texnologiyalari uskunalari ishlab chiqaruvchilari hamda IT va raqamli soha investorlarini birlashtiradi.

«O‘tgan yili Toshkentda bo‘lib o‘tgan va mintaqamiz uchun ilk bor M360 maydonchasini ochib bergan forum muvaffaqiyati jahon hamjamiyatining O‘zbekistonning raqamli salohiyatiga yuksak qiziqishini yaqqol namoyon etdi. 2026-yilda Samarqandda estafetani qabul qilib, mamlakatni Yevroosiyoning eng yirik IT-hab markaziga aylantirish bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettiramiz. Biz uchun bu shunchaki tadbir emas, balki global raqamli iqtisodiyotga integratsiyalashuvning strategik vositasidir. Biz infratuzilmani jadal rivojlantirishga hamda innovatsion tartibga solish amaliyotlarini joriy etishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Samarqand sammiti kelajakdagi aloqa va raqamli hamkorlikning mintaqaviy standartlari yaratiladigan texnologiyalarni jalb etish markazi sifatida O‘zbekistonning maqomini mustahkamlashga xizmat qiladi», — deya ta’kidladi O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov.

«M360 Eurasia'ning ikkinchi yil ketma-ket O'zbekistonda o'tkazilishi mamlakatning xalqaro IT-hab sifatidagi maqomini tasdiqlaydi. O'zbekiston mintaqaning eng jadal rivojlanayotgan raqamli bozorlaridan biriga aylanib bormoqda va bizning maqsadimiz — bu sur'atni jahon namunasiga aylantirish. 2026-yilda M360 Eurasia asrlar davomida g‘oyalar, madaniyatlar va savdoni birlashtirgan Samarqand shahriga tashrif buyuradi. Bugungi kunda u mintaqaviy ambitsiyalarni global raqamli siyosat va kelajak innovatsiyalari bilan uyg‘unlashtirish uchun ideal maydonga aylanmoqda. Beeline Uzbekistan esa an’anaviy aloqa operatoridan odamlar, biznes va mamlakat iqtisodiyoti uchun haqiqiy qiymat yaratadigan keng ko‘lamli raqamli ekotizimga aylanish yo‘lini bosib o‘tmoqda. Biz dunyoga innovatsiyalar aynan shu yerda va hozir tug'ilayotganini ko'rsatmoqchimiz va bu ulkan va barqaror rivojlanishning faol ishtirokchisi bo'lishga intilamiz», — dedi Beeline Uzbekistan bosh direktori Yevgeniy Nastradin.

"Yevroosiyo dunyoning eng jadal rivojlanayotgan raqamli markazlaridan biridir va M360 Eurasia forumi ushbu mintaqaviy taraqqiyotga global, 360 darajali platforma taqdim etishga xizmat qiladi. O‘zbekiston “Raqamli O‘zbekiston — 2030” dasturini amalga oshirib, sun’iy intellekt, dasturiy ta’minotni ishlab chiqish va raqamli siyosat bo‘yicha yangi markaz sifatida o‘z mavqeyini mustahkamlayotgan bir paytda, M360 Eurasia forumi hamkorlikni rag‘batlantirish, investitsiyalarni jalb etish va raqamli o‘sishni ta’minlash orqali ushbu jarayonning markazida bo‘ladi. Biz mintaqamiz yetakchilarini Samarqandda navbatdagi muhim voqeaga aylanadigan tadbirda kutib olishni intiqlik bilan kutmoqdamiz," – dedi GSMA normativ-huquqiy tartibga solish bo‘yicha direktori Jon Guisti.

2025-yilda forum ilk bor O‘zbekistonda, xususan, Toshkent shahrida bo‘lib o‘tdi va 60 ta davlatdan 1000 dan ortiq mutaxassisni bir joyga jamladi. Unda ishtirokchilar sun’iy intellekt, raqamli infratuzilma va aloqa sohasidagi tartibga solish siyosatini rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar. O‘tgan yilgi tadbirning muvaffaqiyatli o‘tkazilishi O‘zbekistonning mintaqaviy raqamli xab sifatidagi maqomini tasdiqlab, navbatdagi forumni ketma-ket ikkinchi yil ham aynan shu mamlakatda o‘tkazishga zamin yaratdi.

Forum ishtirokchilarini sohaning jahon va mintaqaviy yetakchilari hisoblangan rahbarlarning chiqishlari, amaliy mashg‘ulotlar hamda telekommunikatsiya sanoati kompaniyalari va yuqori texnologiyali mahsulotlar, uskunalar va tizimlar ishlab chiqaruvchilari rahbarlari bilan samarali muloqot kutmoqda.

Forum telekommunikatsiya sohasi vakillari, texnologik kompaniyalar, davlat idoralari va investorlarni M360 Eurasia 2026 tadbirida ishtirok etishga taklif qiladi.

Ro‘yxatdan o‘tish rasmiy veb-saytda ochiq.