Beeline Uzbekistan va “Oʻzbektelekom” AK ICT Week 2026 doirasida hamkorlikni kengaytirish boʻyicha kelishuv imzoladi
Xabarlar
22–25-sentabr kunlari Toshkentdagi CAEx majmuasida mamlakatning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi asosiy tarmoq tadbiri — ICT Week Uzbekistan 2026 boʻlib oʻtmoqda. Hafta doirasida Beeline Uzbekistan “Oʻzbektelekom” AK bilan strategik hamkorlik toʻgʻrisida kelishuv imzoladi.
ICT Week har yili bir maydonda tadbirkorlar, investorlar, IT mutaxassislari va davlat tuzilmalari vakillarini jamlaydi. Xalqaro ekspertlar va texnologik kompaniyalar innovatsiyalarni joriy etish hamda mamlakat rivojining yangi yoʻnalishlarini muhokama qiladi.
Beeline Uzbekistan haftada oʻz stendi bilan ishtirok etmoqda. Kompaniya FortifAI yechimlarini, shuningdek, hambi, Beemarket, riitm, KINOM va Beepul servislarini taqdim etdi.
Haftaning voqealaridan biri Beeline Uzbekistan va Uztelecom oʻrtasida strategik hamkorlik toʻgʻrisidagi kelishuvning imzolanishi boʻldi. Hamkorlikni rivojlantirish doirasida tomonlar mobil aloqa, keng polosali internetga ulanish va transport tarmogʻi sohalarida hamkorlikni kengaytirish niyatida. Hamkorlikning amalga oshirilishi Oʻzbekistonda yangi aloqa texnologiyalarini, jumladan, yangi ovozli xizmatlarni joriy etish uchun sharoit yaratadi.
Imzolash marosimida Beeline Uzbekistan bosh direktori Evgeniy Nastradin, Beeline Uzbekistan texnologiyalar va innovatsiyalar boʻyicha direktori Gediz Sezgin, “Oʻzbektelekom” AK boshqaruv raisi Nazirjon Xasanov hamda “Oʻzbektelekom” AK boshqaruv raisining tijorat masalalari boʻyicha oʻrinbosari Javlon Islamov ishtirok etdi.

“Uztelecom bilan hamkorlik Oʻzbekistonda aloqani rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Biz mobil aloqa, keng polosali internetga ulanish va transport tarmogʻi sohalarida hamkorlikni kengaytirish niyatidamiz. Mijozlarimiz uchun bu yangi texnologiyalar va servislardan, jumladan, yangi ovozli xizmatlardan foydalanish imkoniyatini anglatadi”, — dedi Evgeniy Nastradin.

“Telekommunikatsiya va raqamli xizmatlar yetkazib beruvchilari sifatida bizning umumiy vazifamiz — mamlakat infratuzilmasini rivojlantirish, aholi va kompaniyalarga sohaning ilgʻor imkoniyatlarini taqdim etish. Beeline Uzbekistan bilan hamkorlik ikkala kompaniyaga resurslardan samaraliroq foydalanish, aholi va biznes uchun zamonaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish, shuningdek, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi maqsadlariga erishishga hissa qoʻshish imkonini beradi”, — dedi Nazirjon Xasanov.
Imzolangan kelishuv doiraviy bitim boʻlib, tomonlarning hamkorlik imkoniyatlarini oʻrganish niyatini aks ettiradi. Aniq loyihalar va ularni amalga oshirish shartlari alohida kelishuvlar bilan belgilanadi.

Hafta haqida
Oʻzbekiston axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftasi — ICTWEEK UZBEKISTAN — 2004-yildan buyon Oʻzbekistonda har yili oʻtkazib kelinayotgan axborot texnologiyalari sohasidagi yirik va muhim tadbir. Tadbir anʼanaviy ravishda bir qator ixtisoslashgan tadbirlarni yagona formatda birlashtiradi. ICTWEEKning asosiy maqsadi — tajriba almashish hamda zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalar yutuqlarini namoyish etish uchun maydon yaratish. Shuningdek, u Oʻzbekiston IT bozorining xorijiy investorlar uchun jozibadorligini namoyish etish hamda davlat, kompaniyalar va isteʼmolchilar oʻrtasidagi hamkorlik uchun ideal maydon hisoblanadi.