VEON qariyb 40 million aholiga ega Oʻzbekistonda telekom bozorini birlashtirishni jadallashtirmoqda
Xabarlar
Perfectum’ning strategik xarid qilinishi Beeline Uzbekistanning bozordagi mavqeini mustahkamlaydi, chastota resurslarini kengaytiradi hamda 5G, keng polosali internet va raqamli xizmatlar sohasida yangi oʻsish imkoniyatlarini ochadi
Dubay, Nyu-York va Toshkent, 2026-yil 19-oktabr. Global raqamli operator VEON Ltd. (Nasdaq: VEON) («VEON» yoki «Kompaniya») «Perfectum» brendi ostida faoliyat yuritayotgan Oʻzbekiston mobil aloqa operatori — «Rubicon Wireless» kompaniyasining 100% ulushini sotib olish boʻyicha kelishuvga erishganini maʼlum qiladi.
Bitim natijasida VEON’ning Oʻzbekistondagi faoliyatiga bir-birini toʻldiruvchi chastota va tarmoq aktivlari qoʻshiladi. Bu Beeline Uzbekistan’ga aloqa sifatini oshirish, keng polosali internetdan foydalanish imkoniyatini kengaytirish hamda mamlakatda raqamli va moliyaviy xizmatlar, shuningdek, suveren Augmented Intelligence (kengaytirilgan intellekt) yechimlariga oʻsib borayotgan talabni qondirish imkonini beradi. Shu orqali Kompaniya Oʻzbekistonning jadal iqtisodiy oʻsishi va iqtisodiyotni modernizatsiya qilish jarayoniga qoʻshimcha hissa qoʻshadi.
Kelishuv shartlariga koʻra, bitimning umumiy qiymati taxminan 207 million AQSH dollarini tashkil etadi. Bu summa VEON oʻz zimmasiga oladigan Perfectumʼning taxminan 93 million AQSH dollarlik moliyaviy qarzini ham oʻz ichiga oladi.
Bitim VEON’ning Oʻzbekistonga — Kompaniya uchun asosiy oʻsish bozorlaridan biriga uzoq muddatli sodiqligini tasdiqlaydi va mamlakat telekommunikatsiya infratuzilmasiga navbatdagi sarmoya hisoblanadi. U VEON’ning Oʻzbekistondagi chastota portfelini mustahkamlaydi hamda 4G/LTE tarmogʻi, kelgusidagi 5G xizmatlari va statsionar simsiz kirish (FWA) xizmatlarini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlaydi.
Perfectum aktivlari 850 MGts va 3800 MGts diapazonlaridagi 115 MGts chastota resursini, shuningdek, zamonaviy tarmoq uskunalari va infratuzilma aktivlarini, jumladan, Nokia uskunalari asosida qurilgan avtonom 5G tarmogʻini (5G standalone) oʻz ichiga oladi. Bitim natijasida Beeline Uzbekistan’ning chastota resurslari hajmi taxminan 50 foizga oshishi kutilmoqda. Bu tarmoq qamrovi va sigʻimini oshirish, shuningdek, 5G va statsionar simsiz kirish xizmatlarini rivojlantirish rejalarini amalga oshirish uchun qoʻshimcha imkoniyat yaratadi.
Bundan tashqari, Beeline Uzbekistan’ning mavjud tarmogʻi bilan integratsiya kelgusidagi tarmoq investitsiyalari samaradorligini oshirishi hamda kapital va operatsion xarajatlar boʻyicha sinergiya yaratishi kutilmoqda.
«Oʻzbekiston — VEON’ning asosiy oʻsish bozorlaridan biri va ushbu bitim mamlakatning raqamli kelajagiga boʻlgan ishonchimizni aks ettiradi, — dedi VEON Group bosh direktori Kaan Terzioglu. — Bir-birini toʻldiruvchi chastota va tarmoq aktivlarini birlashtirib, aloqa sifatini yaxshilay olamiz hamda odamlar va biznes har kuni foydalanadigan raqamli xizmatlarni yanada keng auditoriyaga yetkaza olamiz. Bizning maqsadimiz — ushbu sarmoyani yanada sifatli mijoz tajribasi, tarmoqqa yanada samarali investitsiyalar va barqaror oʻsishga aylantirish».
«Ushbu bitim mijozlarimizning aloqaga boʻlgan ortib borayotgan ehtiyojlarini qondirish uchun bizga qoʻshimcha resurslar beradi, — dedi Beeline Uzbekistan bosh direktori Yevgeniy Nastradin. — Perfectumʼning chastota resursi bizdagi mavjud chastotalarni toʻldiradi va qamrov hamda tarmoq sigʻimini oshirish, 5G xizmatlarini joriy etish, uy va biznes uchun simsiz keng polosali internetni kengaytirish rejalarimizni amalga oshirishga yordam beradi. Bizning ustuvor vazifamiz — ushbu aktivlarni samarali integratsiya qilish va ularni mijozlarimiz uchun sezilarli yaxshilanishlarga aylantirish».
Bitimning pul qismi VEON’ning mavjud pul mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi. Bitim uchun zarur regulyator ruxsatnomalari olingan, uni oktabr oyi oxirigacha yakunlash kutilmoqda.
VEON haqida
VEON — 150 milliondan ortiq abonentga aloqa xizmatlarini va 228 milliondan ortiq foydalanuvchiga raqamli xizmatlarni koʻrsatuvchi raqamli operator. Kompaniya dunyo aholisining 6 foizdan ortigʻi istiqomat qiladigan beshta mamlakatda faoliyat yuritadi va odamlarning imkoniyatlarini kengaytiradigan hamda iqtisodiy oʻsishga xizmat qiladigan texnologik xizmatlar orqali hayotni oʻzgartiradi. VEON aksiyalari NASDAQ birjasida savdoga qoʻyilgan. Batafsil maʼlumot: https://www.veon.com.
Beeline Uzbekistan haqida
Unitel MChJ 2006-yil sentyabridan buyon Beeline Uzbekistan savdo belgisi ostida raqamli operator sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Kompaniya VEON Group tarkibiga kiradi va 2024, 2025 va 2026-yillarda Top Employer sertifikatini olgan. Beeline Uzbekistanda 2000 dan ortiq xodim ishlaydi.
Forward-Looking Statements
This release contains “forward-looking statements”, within the meaning of the Section 27A of the U.S. Securities Act of 1933, as amended, and Section 21E of the U.S. Securities Exchange Act of 1934, as amended. Such forward-looking statements include, but are not limited to, statements relating to VEON's performance and strategic ambitions in Uzbekistan. There are numerous risks, uncertainties that could cause actual results and performance to differ materially from those expressed by such statements, including risks relating to VEON's performance and strategic ambitions in Uzbekistan, among others discussed in the section entitled “Risk Factors” in VEON’s 2025 Form 20-F filed with the SEC on March 16, 2026 and other public filings made by VEON with the SEC. The forward-looking statements contained herein speak only as of the date of this release and VEON disclaims any obligation to update them, except as required by law.
Aloqa uchun maʼlumot
VEON
pr@veon.com