O‘zbekiston Prezidenti Beeline data-markazi faoliyatini boshlab berdi: VEON mamlakat kelajagiga uzoq muddatli sarmoya kiritishga sodiqligini tasdiqlamoqda

Xabarlar
4 Noyabr
3 min.
Main Event Image

Buxorodagi 40 million dollarlik loyiha VEON kompaniyasining O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyati va raqamli kelajagiga ishonchini aks ettiradi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga amalga oshirgan ishchi tashrifi doirasida Beeline Uzbekistan’ning yangi ma’lumotlarni qayta ishlash markazi faoliyatini boshlab berdi. 40 million dollar miqdoridagi xususiy investitsiya hisobidan amalga oshirilgan loyiha O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda hayotga tatbiq etildi.

Ma’lumotlarni qayta ishlash markazining ishga tushirilishi shunchaki texnologik voqea emas. Bu O‘zbekistonda yuz berayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar — raqamli transformatsiyaning jadallashuvi, yangi tarmoqlarning rivojlanishi va xalqaro biznes uchun imkoniyatlarning kengayishi — ifodasidir. VEON ushbu jarayonlarni mamlakatga uzoq muddatli investitsiyalar kiritish va faoliyatini yanada rivojlantirish uchun mustahkam asos deb biladi.

VEON O‘zbekistonda 20 yil davomida mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga qariyb 1,8 milliard dollar yo‘naltirdi. Ushbu mablag‘ning katta qismi so‘nggi o‘n yillikka to‘g‘ri keladi. Bugungi kunda kompaniya mamlakatdagi ishtirokini kengaytirishda davom etmoqda: Buxorodagi ma’lumotlarni qayta ishlash markaziga kiritilgan 40 million dollarlik investitsiya bilan bir qatorda, 207 million dollarga Perfectum kompaniyasini xarid qilish ham strategik qadamlardan biri bo‘ldi. Bu qarorlar VEON’ning O‘zbekiston bozori va uning raqamli iqtisodiyoti salohiyatiga bo‘lgan ishonchini tasdiqlaydi.

Beeline Uzbekistan bosh direktori Evgeniy Nastradin:

“So‘nggi o‘n yil ichida O‘zbekiston sezilarli darajada o‘zgardi va bu o‘zgarishlar sur’ati tobora jadallashmoqda. Biznes, texnologiyalar va insonlar uchun yangi imkoniyatlar ochilmoqda. Xalqaro investor mamlakat kelajagiga ishonchini namoyon etishining eng yaxshi yo‘li — uzoq yillarga mo‘ljallangan sarmoya kiritishdir. Buxorodagi yangi ma’lumotlarni qayta ishlash markazi va Perfectum kompaniyasining xarid qilinishi O‘zbekistonga bo‘lgan ishonchimizning aniq ifodasidir. Biz mamlakatning ulkan salohiyatini ko‘ryapmiz va uning raqamli kelajagini shakllantirishga hissa qo‘shgan holda, O‘zbekiston bilan birga rivojlanishni maqsad qilganmiz”.

Yangi yuqori texnologiyali obyektning aynan Buxoro viloyatida barpo etilgani alohida ahamiyatga ega. Poytaxtdan tashqarida raqamli infratuzilmani rivojlantirish zamonaviy investitsiyalar geografiyasini kengaytiradi hamda butun mamlakat bo‘ylab raqamli xizmatlarni rivojlantirish uchun barqaror asos yaratishga xizmat qiladi.

Kogon tumanida joylashgan yangi ma’lumotlarni qayta ishlash markazi Beeline Uzbekistan’ning hududiy jihatdan taqsimlangan zaxira infratuzilmasining bir qismiga aylanadi. Bu millionlab foydalanuvchilar uchun xizmatlar ishonchliligi va uzluksizligini oshirish imkonini beradi. Loyiha kelgusida quvvatlarni kengaytirish imkoniyatini ham nazarda tutadi.

Markazning loyiha hujjatlari Uptime Institute tomonidan Tier III Certification of Design Documents (TCDD) xalqaro sertifikatiga sazovor bo‘ldi. Ushbu sertifikat loyiha infratuzilmaning ishonchliligi va nosozliklarga chidamliligi bo‘yicha xalqaro talablarga muvofiqligini tasdiqlaydi.

Buxorodagi yangi obyekt va VEON’ning keyingi investitsiyalari “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasi maqsadlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Ular zamonaviy raqamli xizmatlar va sun’iy intellekt asosidagi yechimlarni rivojlantirish uchun sharoit yaratadi hamda kompaniyaning O‘zbekistonning uzoq muddatli istiqboliga bo‘lgan ishonchini namoyon etadi.

Beeline Uzbekistan haqida

Beeline Uzbekistan ("Unitel" MCHJ) 2006 yil 12 sentyabrdan boshlab ushbu savdo belgisi ostida raqamli operator sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Kompaniya mamlakatdagi yirik soliq to‘lovchilardan biri bo‘lib, O‘zbekistondagi faoliyati davomida taxminan 2,1 milliard AQSH dollari miqdorida soliq to‘lagan. 2 000 dan ortiq xodimga ega Beeline Uzbekistan Top Employer 2024, 2025 va 2026 sertifikatiga sazovor bo‘lgan.

Beeline Uzbekistan VEON Group tarkibiga kiradi. VEON 2006-yildan buyon O‘zbekiston telekommunikatsiya sohasiga 1,6 mlrd AQSh dollaridan ortiq sarmoya kiritgan.

VEON — 150 milliondan ortiq abonentga aloqa xizmatlarini va 228 milliondan ortiq foydalanuvchiga raqamli xizmatlarni koʻrsatuvchi raqamli operator. Kompaniya dunyo aholisining 6 foizdan ortigʻi istiqomat qiladigan beshta mamlakatda faoliyat yuritadi va odamlarning imkoniyatlarini kengaytiradigan hamda iqtisodiy oʻsishga xizmat qiladigan texnologik xizmatlar orqali hayotni oʻzgartiradi. VEON aksiyalari NASDAQ birjasida savdoga qoʻyilgan. Batafsil maʼlumot: https://www.veon.com.

Sayt: beeline.uz
Facebook: @beeline.uz
Instagram: @beeline_uzbekistan
Telegram: @beelineuzbekistan
X: @beeline_uz
LinkedIn: @beeline-uzbekistan