Bosh sahifa/Xabarlar/Beeline Uzbekistan ma’lumotlar markazi xalqaro xavfsizlik standarti bo‘yicha sertifikatlandi

Beeline Uzbekistan ma’lumotlar markazi xalqaro xavfsizlik standarti bo‘yicha sertifikatlandi

Xabarlar
13 Oktyabr
1 min.
Main Event Image

Raqamli operatorning ma’lumotlar markazi ISO/IEC 27001:2022 xalqaro standarti bo‘yicha sertifikatlangan bo‘lib, bu ma’lumotlarni himoya qilishning yuqori darajasini va axborot xavfsizligini boshqarish tizimining ishonchliligini tasdiqlaydi.

Beeline Uzbekistan xalqaro auditdan muvaffaqiyatli o‘tib, ISO/IEC 27001:2022 sertifikatini qo‘lga kiritdi. Bu sertifikat kompaniyaning axborot xavfsizligi tizimi jahon talablariga to‘liq mos ekanini, huquqiy va shartnomaviy majburiyatlarni bajarayotganini, xavflarni samarali boshqarayotganini hamda mijoz va hamkorlar ma’lumotlarini ishonchli himoya qilayotganini ko‘rsatadi.

Sertifikat Tijoriy Ma’lumotlar Markazini qamrab oladi, shu jumladan: virtual serverlar ijarasi (IaaS), domen nomlarini ro‘yxatdan o‘tkazish va virtual hosting (PaaS) xizmatlarini. Bu kompaniya infratuzilmasi axborot xavfsizligi va IT xizmatlari barqarorligini ta’minlash bo‘yicha xalqaro amaliyotlarga muvofiq qurilgani va boshqarilayotganini tasdiqlaydi.

"ISO/IEC 27001:2022 sertifikati Beeline Uzbekistan axborot xizmatlarini rivojlantirishda muhim bosqichni belgilaydi. Ma’lumotlar markazi xalqaro standartlarga javob beradigan mamlakatdagi birinchi mobil aloqa operatori bo‘lish ham katta mas’uliyat, ham jamoamiz mehnatining e’tirofi. Biz ma’lumotlar himoyasini kuchaytirish va mijozlar ishonchini mustahkamlashda davom etamiz," — dedi Beeline Uzbekistan kompaniyasining texnologiyalar va innovatsiyalar bo‘yicha direktori Gediz Sezgin.

Beeline Uzbekistan bizneslar uchun barqaror raqamli yechimlar ekotizimini rivojlantirmoqda. Unga bulut platformalari, tahliliy vositalar va kiberxavfsizlik xizmatlari kiradi. Ushbu ekotizimning muhim elementi — fortifAI platformasi bo‘lib, u kompaniyalarga O‘zbekistonda katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlash, axborot xavfsizligini yuqori darajada ta’minlash va raqamli transformatsiyani qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi.