Beeline Uzbekistan 100 nafar o‘qituvchiga sun’iy intellekt va kibergigiyenani o‘zlashtirishda ko‘maklashdi
Xabarlar
Toshkent shahridagi davlat va xususiy maktablarning 100 nafar informatika o‘qituvchisi "Neyron tarmoqlar va sun’iy intellektni qo‘llash" hamda "Kiberxavfsizlik va kibergigiyena" dasturlari bo‘yicha malaka oshirish kurslarini yakunladi. Pedagoglar uchun ta’lim dasturi Tashkent International University of Education (TIUE)da Beeline Uzbekistan bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
2024-yil dekabr oyida Toshkent shahridagi 77 ta davlat umumta’lim maktabi va 10 ta xususiy maktabdan 100 nafar o‘qituvchi kurslarni muvaffaqiyatli tamomlaganligi to‘g‘risidagi sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. O‘qituvchilar uchun ushbu ta’lim dasturida raqamli muhit xavfsizligi, neyron tarmoqlar va sun’iy intellektga alohida e’tibor qaratildi. Murabbiylar sifatida Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti hamda "Kiberxavfsizlik" markazi mutaxassislari taklif etildi.
AKT mutaxassislarining milliy zaxirasini yaratish maktabdayoq boshlanishi kerak — bu fikrni hokimiyat, oliy o‘quv yurtlari va mamlakatning yetakchi kompaniyalari vakillari qo‘llab-quvvatlamoqda. TIUE va Beeline Uzbekistan qo‘shma dasturi bo‘yicha ta’lim olayotgan o‘qituvchilar maktab o‘quvchilarini eng zamonaviy texnologiyalarga qiziqtirishlari lozim. 2024-yilda Beeline Academy’da o‘qituvchilar malakasini oshirish dasturi bo‘yicha birinchi diplomlarni Toshkentdan 110 nafar o‘qituvchi oldi. Ular Python dasturlash tilini o‘rganishdi, 3D grafika vositalari va Frontend dasturlash asoslarini o‘zlashtirishdi.
Bugungi kunda texnologiyalar, ayniqsa IT sohasidagi o‘zgarishlar boshqa sohalarga qaraganda ancha tez rivojlanmoqda. O‘quvchilarga haqiqatan ham muhim va zamonaviy bilimlarni berish ularning kelajakdagi muvaffaqiyati uchun zarurdir. Bu jarayonda o‘zgarish va yangiliklardan xabardor bo‘lish juda muhim. Shundagina biz bolalarni O‘zbekistonning rivojlanayotgan sohalarida kasb tanlashga jalb qila olamiz va qo‘llab-quvvatlay olamiz. Tashkilotchilarga ushbu foydali bilimlarni berganlik uchun tashakkur aytaman, - dedi Toshkent shahridagi 17-umumta’lim maktabining informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchisi Mahmuda Habibullayeva.
"AI1440 kompaniyamizning rivojlanish strategiyasi, O‘zbekistonning butun raqamli iqtisodiyoti kabi, IT sohasiga yangi g‘oyalar va mazmun olib kirishi kerak bo‘lgan yosh iste’dodli mutaxassislarga asoslangan. Shuning uchun biz bo‘lajak kasbga birinchi qiziqish paydo bo‘ladigan yetakchi oliy o‘quv yurtlari va maktablar bilan hamkorlik qilamiz. Ishonchim komilki, dastur bitiruvchilari nafaqat mamlakatning yangi raqamli elitasini shakllantirishga yordam beradi, balki ularning o‘zlari bizning intellektual elitamizning bir qismiga aylanadi," — dedi Beeline Uzbekistan bosh direktori Andrey Pyataxin.
Beeline Academy 2023-yil oktabr oyida Beeline Uzbekistan va Toshkent xalqaro ta’lim universiteti (TIUE) bilan hamkorlikda tashkil etildi. Akademiya O‘zbekistonning yosh iste’dodlari, o‘qituvchilari va boshqa IT-mutaxassislariga mamlakat iqtisodiyotining turli sohalari uchun kadrlar tayyorlash maqsadida axborot texnologiyalari va kiberxavfsizlik sohasida onlayn va oflayn ta’lim olish imkoniyatini taqdim etadi. 2023-yilda butun mamlakatdan 50 nafar grant tanlovi g‘oliblari kiberxavfsizlik sohasida malaka oshirganlik to‘g‘risidagi birinchi sertifikatlarni olishdi.