50 nafar yosh IT-mutaxassislar Beeline Uzbekistan’dan grantlar yutib olishdi
4 Oktyabr
Xabarlar
Beeline Uzbekistan Astrum IT Academy bilan birgalikda IT-mutaxassislarni kiberxavfsizlik bo‘yicha o‘qitish uchun birlashishdi.
4-oktabr kuni Astrum Akademiyasida telekom sohasida Oʻzbekistondagi eng yirik xorijiy investorlar va soliq toʻlovchilaridan biri boʻlgan Beeline Uzbekistan kompaniyasi Oʻzbekistonning turli hududlari, jumladan Toshkent shahri va Toshkent viloyati, Samarqand, Jizzax, Navoiy, Andijon, Fargʻona, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasidan 50 nafar talabaga “Kiberxavfsizlik boʻyicha mutaxassis” kursida oʻqish uchun 1 milliard 200 million soʻm miqdorida grantlar ajratdi.
Grant olish uchun respublikaning barcha hududlaridan jami 300 dan ortiq ariza topshirildi, bunda nomzodlarning o‘rtacha yoshi 23 yoshni tashkil etdi. Astrum IT Akademiyasi mutaxassislari va digital-operatorning kiberxavfsizlik bo‘yicha ekspertlari jamoasi tomonidan raqobatli tanlovdan o‘tgan 50 nafar eng yaxshilar orasida 6 nafar qizlar borligi e’tiborga loyiq, bu o‘zbekistonlik yosh ayollar orasida IT kasblari tobora ommalashib borayotganidan dalolat beradi. Toshkent shahridan grant g‘olibi Aysha Abatova shunday dedi: “Men yaqinda faoliyat sohamni o‘zgartirdim: robototexnika o‘qituvchisi sifatidagi 3 yillik tajribam va filolog sifatida ta’lim olganimdan so‘ng, bu ish qizlar uchun emas, degan da’volarga qaramay, dasturlashga qaytdim. Men boshqalarga quloq solmay, kiberxavfsizlik kursiga qo‘shilganimdan juda xursandman!”
“Bizning tashabbusimizni qo‘llab-quvvatlagani uchun Beeline Uzbekistan’ga samimiy minnatdorchiligimizni bildiramiz va bu hamkorlik O‘zbekistonda IT sohasini rivojlantirish va yosh iste’dodlarga yuqori sifatli ta’lim berishda yordam berishiga ishonamiz. Bizning yagona maqsadimiz — global IT maydonida raqobatlasha oladigan mutaxassislarni tayyorlash. Biz shunday zo‘r talabalar bilan ishlash imkoniyatiga ega bo‘lganimizdan faxrlanamiz va Beeline Uzbekistan’ga ushbu muhim loyihani qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdormiz”, — deya ta’kidladi Astrum IT Akademiyasi asoschisi Botir Orifjonov.
Markaziy Osiyodagi birinchi va yagona IT akademiyasi hamda dasturlash sohasida oʻqitish boʻyicha yetakchi boʻlgan Astrum IT Akademiyasida “Kiberxavfsizlik boʻyicha mutaxassis” kursi doirasidagi treninglar 9-oktabrdan 24-noyabrgacha onlayn oʻtkaziladi.
O‘quvchilardan biri, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Diyorbek Sobirov (19 yosh) shunday dedi: “Men 5-sinfdan boshlab dasturlashga qiziqaman, hozirda dasturiy injiniring yo‘nalishida o‘qiyman va “computer science” sohasida olim bo‘lishni orzu qilaman. Ishonchim komilki, ushbu kurs menga kiberxavfsizlik sohasida mutaxassis bo‘lib yetishishimga va ushbu mavzuni chuqur o‘rganishimga yordam beradi”.
Amaliy xavfsizlik, OSINT – ochiq manba asosida razvedka, kompyuter tarmoqlari va xavfsizlik, PYTHON dasturlash va axloqiy xakerlik kabi turli modullarni o‘z ichiga olgan dastur yakunida kurs bitiruvchilariga sertifikatlarni topshirish marosimi o‘tkaziladi. O‘qishni tamomlagandan so‘ng 5 nafar eng yaxshi talaba Beeline Uzbekistan axborot xavfsizlik bo‘limida amaliyot o‘tash dasturi doirasida ko‘rib chiqiladi.
“O‘zbekiston iqtidorli yoshlar borasida ulkan salohiyatga ega va biz ularni ta’lim sohasida, ayniqsa, axborot texnologiyalari sohasida qo‘llab-quvvatlayotganimizdan faxrlanamiz. Astrum IT Academy’dagi ushbu kurs IT sohasida inson resurslarini rivojlantirishga qaratilgan uzoq muddatli tashabbusimizning boshlanishi, xolos. Ishonchimiz komilki, o‘zbekistonlik yosh mutaxassislar nafaqat mamlakatning raqamli iqtisodiyoti rivojiga salmoqli hissa qo‘shishlari, balki butun dunyo bo‘ylab talab qilinadigan mutaxassislarga aylanishlari mumkin”, — dedi Beeline Uzbekistan bosh direktori Andrzej Malinowski.